Futbolning inson salomatligiga ta’siri
Futbolning inson salomatligiga ta’siri
Dunyoda futbolchalik ommaviy sport bo’lmasa kerak. Uni “millionlar o’yini” deyishlari ham bejizga emas. Dunyoning istalgan nuqtasida futbol muhlislari topiladi.

Albatta, futbol bilan shug’ullangan odam sog’lom bo’ladi. Hayotda semizlikdan aziyat chekayotgan futbolchini hech ko’rganmisiz? Yo’q, albatta. Tinimsiz mashg’ulotlar o’yinchini har tomonlama toblashi shubhasiz.

Daniyadagi Kopengagen universiteti olimlari uch yil davomida futbolning salomatlikka ta’sirini o’rganib chiqishdi. Ularning aytishicha, futbol yiqilishlar tufayli suyaklar sinishi ehtimolini anchagina kamaytiradi. Gap shundaki, sportning bu turi bilan muntazam shug’ullanish mushaklarni va suyak to’qimalarini mustaxkamlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, shug’ullanuvchilarda harakatlar koordinatsiyasi sezilarli darajada yaxshilanadi.Bu gap nafaqat o’smirlar va yoshlar balki keksalarga ham tegishli.

Shuningdek, olimlar futbol bilan shug’ullanishning ruhiy salomatlikka ham nafi kattaligini ta’kidlashmoqda. Yugurishning foydasi haqida hammamiz eshitganmiz. Lekin bunday mashg’ulotdan keyin ham, ayniqsa, erkaklarda ruhiy holatning yaxshilanishi ko’pam kuzatilavermas ekan. Chunki ular yuguradi-yu, lekin hayoli muammolarda bo’ladi. Futbolda esa bunaqasi kuzatilmaydi: qatnashchilarning ba’ri bor diqqat e’tiborini o’yinga qaratgani uchun boshqa narsalarni o’ylashga imkon yo’q. Shuning uchun ham futboldan keyin havaskor o’yinchilarning kayfiyati ko’tarilganini ko’rasiz, mag’lub tomon ham odatda hafa bo’lmaydi.

Futbol bilan qisqa muddat shug’ullanishning ham odam organizmiga foydasi bor: uch oy davomida haftasiga 2-3 marta 1,5-2 soatdan to’p tepsangiz, tanangizda kislorod iste’moli sezilarli darajada ortadi. Bu esa organizmdagi barcha organlar va tizimlarga, birinchi navbatda, yurak-qon tomir va asab tizimlariga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.

To’g’ri futbolning sog’liqqa foydasi ko’p, ammo u bilan hamma ham shug’ullana olmaydi. Masalan, astmatiklar va yurak yetishmovchiligiga chalinganlar uchun bu sport turi to’g’ri kelmaydi. 

Ваша реакция?

Сообщения из Facebook